Tuesday, August 15, 2017

Chegara bilmas imtiyoz


Ma'lumki, kecha kechki paytdan boshlab  DTM bot va turli aloqa operatorlari orqali 1-avgustdagi kirish imtihoni natijalarini bilib olina boshlandi. Natijalar, ko'pchilik oliy ta'lim muassasalarida, hayratlanarli darajada baland. Quyida O'zbekiston Respublikasi bo'yicha 2017-yil 1-avgustdagi kirish imtihonida qayd etilgan eng yuqori natijalarni keltirib o'taman:

1. 306,9 ball - Andijon tibbiyot instituti;
2. 297,0 ball - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
3. 292,2 ball - Toshkent davlat yuridik universiteti.

Hech kimga sir emas: agar qaysidir g'ayritabiiy intelligensiya va noodatiy aqliy qobiliyatga ega bo'lgan abituriyent 3 ta blokdagi barcha savollarga (har biridan 36 tadan savol) to'g'ri javob bergan bo'lsa, uning jami bali 226,8 ballni tashkil etadi. Lekin bunday "Samoviy" qobiliyatga ega talaba ham, harbiy imtiyozga ega bo'lmasa, yuqorida sanab o'tilgan 3 ta OTM larning hech biriga budjet asosida qabul qilinmaydi. 

Birgina Toshkent davlat yuridik universitetini olaylik. Ushbu OTM da kontraktga kirish bali 181,7, budjetga kirish bali 257,4 (!) ballni tashkil etgan. Kirish ballarining bu qadar yuqori bo'lishiga harbiy imtiyoz bilan bog'liq o'zgarishlar sabab bo'ldi. Dastlab, harbiy imtiyozlilarga to'planishi mumkin bo'lgan jami ballning 27 foizi qo'shib berilar edi, bu yil harbiy imtiyozlilarga o'zlari yiqqan balining 50 foizi taqdim qilinadigan bo'ldi va natijani yuqorida ko'rib turibsiz. Qisqa qilib aytganda, ushbu imtiyozli tizim o'zini oqlamadi - ba'zi OTM larga ishlatilishi mumkin bo'lgan eng maksimal bilim bilan ham davlat granti asosida o'qishga qabul qilinish imkonsiz holga keltirib qo'yildi. 

Agar men mana shu yil o'qishga topshirgan va harbiy imtiyozsiz, o'z kuchim bilan (pul yoki boshqa vositalar orqali emas) 220 balldan yuqori olgan holimda kontrakt asosida talaba bo'lish baxtiga "musharraf" bo'lsam, buni o'zimga nisbatan haqorat deb qabul qilardim. Faqatgina o'zimga nisbatan emas, butun boshli ilmga intiluvchi yoshlarga nisbatan, O'zbekistondagi aqliy salohiyatni hurmat qiladigan har qanday fuqaroga va butun boshli ta'lim tizimiga nisbatan haqorat deb qabul qilradim. Albata, bunday fikrlashimga asosiy sabab mendagi alam bo'lardi, lekin bu alam - shunchaki o'jar va qaysar dumbulning alami emas, o'z ustida ishlagan, mehnat qilgan, intilgan talabaning alami bo'ardi va men bunday alamni, hech qanday shubhasiz, haq deb bilaman.

Albatta, harbiy xizmatni o'tash oson emas. Bu uchun OTM larga kirish uchun imtiyoz berish ham noto'g'ri emasdir (muzokarali). Lekin bir kishiga taqdim etilgan imtiyoz ikkinchi shaxsning imkoniyatini yaqqol, ochiqchasiga va alamli ravishda buzar ekan, bunday imtiyozga huquqiy davlatdaham, fuqarolik jamiyatida ham o'rin yo'q. 

Xo'sh, nega harbiylarga qo'shib berilgan bu yilgi imtiyozni boshqa shaxslar imkoniyatini yaqqol chegaralab qo'yadi deyapman?

Birinchidan, berilgan imtiyoz soha jihatidan chegaralangan bo'lishi lozim. Soha jihatidan chegaralanganligi shundan iboratki, harbiy xizmatni o'taganlarga faqat harbiy OTM larga kirish uchun ma'lum darajada imtiyoz berilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi. Harbiy xizmatni o'tab, imtiyozni qo'lga kiritganlar armiyadagi zahmatlari uchun qanchalik hurmatga loyiq bo'lmasin, bu ularni tibbiyot, adabiyot yoki huquq kabi aqliy mehnat birinchi darajali hisoblanadigan sohalarda hech qanday aqliy imkoniyat bilan yetib bo'lmas darajadagi imtiyoz bilan ta'minlash - davlatdagi aqliy mehnat vakillarini majburan bir necha pog'ona pastga turtkilab tashlashga sabab bo'ladi. Agarda harbiy imtiyozga ega bo'lganlar Ichki ishlar akademiyasi, TVAKU yoki shunga o'xshash o'z sohasi OTM larigagina imtioz asosida qabul qilinsa, e'tirozlar ancha kamayadi.

Ikkinchidan, imtiyozning darajasi cheklangan bo'lishi lozim. Ya'ni, imtiyozga ega bo'lgan shaxs unga ega bo'lmagan shaxsni imkoniyatlarini butunlay yo'qqa chiqarib tashlamasligi kerak. Bu yilgi tizim esa to'laligicha yo'qqa chiqardi: harbiy imtiyozsiz abituriyent barcha savolga javob berdi, 226,8 to'pladi va u kontrakt to'lab o'qishga majbur. Lekin harbiy imtiyozga ega abituriyent 160 to'pladi, imtiyozi yana 80 ball berdi va jami 240 ball bilan budjetga kirdi. Bunda imtiyozsiz bola uchun budjetga kirish imkoni nazariy jihatdan nolga teng qilib qo'yildi - shafqatsiz darajadagi mantiqsizlik! Imtiyoz darajasini shunday belgilash kerakki, u abituriyentga nazariy jihatdan 226,8 dan yuqori ball olib bermasligi kerak. Axir mavjud ta'lim tizimimizdan to'planishi mumkin bo'lgan eng yuqori ball 226,8 ku! Bundan ortig'ini taqdim qilish yaratib qo'ygan ta'lim tizimida katta bo'shliqni o'z xohishi bilan paydo qilishdek gap. 

Bu bilan harbiy imtiyoz orqali o'qishga kirganlarni ayblamoqchi, kamsitmoqchi yoki shunga o'xshash salbiy reaksiya bermoqchi emasman. Ular orasida , hattoki,imtiyozsiz ham 180-190 ball to'play oladiganlar borligiga ishonaman (garchand bu ishonch ancha zaif bo'lsa ham). Bunday imtiyoz bilan hozirgacha o'qishga kirganlar - qandingizni uring! Lekin ta'lim tizimiga mas'ul bo'lgan Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va boshqa davlat idora/tashkilotlari tizimdagi ushbu ochiq notenglik va mantiqsizlikni, hech bo'lmasa, nazariy jihatdan tasavvurga sig'dirish mumkin bo'lgan darajaga olib kelishi lozim. Bu uchun yuqorida, ancha oddiy bo'lsa ham, aqlim yetadigan darajada ikkita taklifni bildirdim. Ishonamanki, ta'limga mas'ul vazirliklar va mansabdor shaxslar bu yilgi natijalardan xulosa chiqarib, mavjud kirish imtihoni tizimi mantiqsiz ekanligini anglab yetadi va uni qoniqarli shaklga keltirish uchun boshqa takliflar va choralar ishlab chiqa oladi. Ulardan umid qilishdan boshqa choramiz yo'q, hozircha.