Sunday, April 19, 2015

Gap ko`ylakda emas

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi.   

  Eng yoqtirgan ishim - kir yuvmaslik va dazmol qilmaslik.

  Talaba bo`lgach (2012-yil, TDYU*), oq ko`ylak kiyishga majbur qilishdi, men uni har uch kunda kir bo`lishga majbur qilardim, u esa evaziga o`zini yuvishga va dazmol qilishga meni majbur etardi. Avvallari talabalik ancha yoqimli tuyulgan bo`lsa-da, mana shunday yoqimsiz majburiyatlar bilan boshlandi. 

  Buning ustiga, ajoyib bir kamchiligim bor: majburiyat sifatida yuklangan narsalarni qoyillatib bajara olmayman (o`z xohishim bilan bajarsam - boshqa gap). Shu sababli bo`lsa kerak, hech qachon oq ko`ylakni toza yuva olmasdim va deyarli har uch safardan birida dazmollayotib, uni kuydirib qo`yardim. Talabalikning 6-7 oyi shu kabi toza yuva olmaslik va "mahoratli kuydirish"lar bilan o`tdi. So`ng esa bir "farishta" ushbu majburiyatlardan meni xalos qila boshladi.

  Jafarova Maftuna**. Dastlab bu samimiy qizni sevsam kerak deb, keyinchalik unga munosabatim akaning singilga bo`lgan munosabatidek bo`lsa kerak deb o`ylay boshadim. Vaqt o`tishi bilan "Ikkinchi o`ylaganim to`g`ri", - degan qarorga keldim. U ko`p martalab ko`ylaklarimni yuvib va dazmollab berardi.

  Maftuna bilan universtitet darslarida kursdosh emasdik, lekin TDYU da tashkil qilingan "Yapon huquqini tadqiq qilish markazi"ga birga qatnardik. "Yapon markazi"dagi guruh rahbarimiz Misato Hirai ismli yapon ayoli edi. Biz unga dastlab Hirai sensei ("sensei" - yaponcha "ustoz") deb murajaat qilardik, ancha yaqin bo`lib olgach, "Misato opa" deb chaqiradigan bo`ldik.

  Bir safar, Mafuna yuvilgan ko`ylakni yapon tili darsida menga berdi va dars tugagach, boshqa talabalar singari uyiga qaytdi. Men esa Misato opa bilan "Yapon markazi"da qoldim (O`qituvchim "Yapon markazi"da deyarli har kuni kechki soat 9 gacha, ba'zida esa 10-11 largacha o`z ishlari bilan mashg`ul bo`lib o`tirardi). Biz insonlarning doimiy odatlarini takrorladik: men so`radim - u tushuntirdi, men hazil qildim - u kuldi, men zerikdim - u zerikdi. So`ng qaytishga qaror qildik. "Oloy" bozori yonginasida yashaydigan Misato opa bilan avtobus bekatigacha suhbatlashib ketdik.
- Bu nima? - qo`limdagi paketga ishora qilib so`radi u.
- Oq ko`ylak.
- Nega uni ko`tarib yuribsiz?
- Maftunaga yuvish uchun bergandim, bugun yuvib olib kelibdi, men olib qaytyapman.
- Hee, - yaponlarning ko`pchiligi o`z hayratini "hee" so`zi bilan ifodalaydi, - nega u yuvadi?
- Men iltimos qilganim uchun yuvib berdi.
- Lekin ko`ylak sizniki-ku?!
- Ha, meniki.
- Unda nega u yuvadi? Unga pul to`laysizmi?
- Yo`q, to`lamayman. Iltimos qilganim uchun yuvib beradi.
- Lekin nega?
Misato opaning qayta va qayta "Lekin nega?" deb so`rashi shundoq ham ancha toliqqan asablarimni yanada charchata boshladi. Unga men ko`ylakni yaxshi yuva olmasligimni, iltimos qilsam Maftuna ko`ylagimni yuvib va dazmollab berishini, bu kabi vaziyatlarda kursdoshlarning bir-biriga yordam qilib turishi tez-tez uchraydigan holat ekanligini barcha imkoniyatlarim darajasida tushuntirdim. U esa "Hee", "Nega?" deyishdan to`xtamasdi. Meni ushbu sodda va asabiy so`roqdan 115-avtobusning kelishi xalos qildi. Har doim tiqilinch va yoqimsiz bo`lgan 115-avtobus menga hech qachon bunchalar qadrli ko`rinmagan edi. Avtobusga kirdim va "ozodlik"ka chiqdim (Ba`zida inson tiqilinch va tor yerda o`zini nisbatan ozod his qilishi mumkin ekan).

  O`sha vaqtda Misato opaning hayratlanishini "shunchaki, yaponlarda oddiy kursdoshlar orasida bunday ko`rinishdagi yordam ko`rsatish odati bo`lmaganligining natijasi", - deb baholagan edim. Ammo Yaponiyaga kelib 7 oydan ortiqroq yashaganimdan so`ng amin bo`ldimki, o`qituvchimning hayrati "shunchaki" emas ekan.

  Bu yerda aholining juda katta qismi qiz bolaning yigit kursdoshi ko`ylagini yuvib yoki dazmolab berishini ayol va erkak o`rtasidagi teng huquqlilikning buzilishi deb bilar va buni butunlay noto`g`ri deb hisoblar ekan (vaholanki, men buni mehr deb bilaman). Bunday yordam ko`rsatgan qizlar ayol huquqlariga putur yetkazgan va shu kabi yordamni iltimos qilgan yigitlar esa, o`zlarini ayollardan ustun qo`yishga urungan, deb baholanishi mumkin ekan (mana, turli xalqlar o`rtasidagi dunyoqarash qanchalik farq qilishi mumkin). 

***

  2014-yil 4-may kuni Qirg`izistonda O`rta Osiyo miqyosida o`tkaziladigan "Yapon tilida notiqlik san`ati" tanlovida men ham qatnashadigan bo`ldim. Biz 2-mayda ertalab yo`lga chiqishimiz kerak edi. 1-may kuni turli tayyorgarliklar ko`rdim, tushdan so`ng tanlovda kiyish uchun ko`ylak va galstuk sotib oldim. Ko`ylakni Maftunaga iltimos qilib dazmollatib olish maqsadida kun bo`yi o`zim bilan olib yurdim. Lekin ishlarimni tugatganimda soat kechki 8 dan oshgan va endi Maftunadan iltimos qilish uchun ancha kech bo`lib qolgandi. So`ng ketishdan oldin Misato opani ko`rish uchun "Yapon markazi"ga keldim. 
- Xayrli kech.
- Xayrli kech. Tayyorgarliklar qalay? - so`radi Misato opa.
- Yaxshi. Bugun universtitet darslariga qatnasha olmadim. Yapon tili darsiga ham kela olmadim, - biroz noqulaylik bilan qo`shib qo`ydim.
- Hechqisi yo`q. Hammasi joyidami? Biror kamchilik bo`lsa ayting.
- Hammasi joyida-ku.. Ko`ylak olgandim bugun, Maftunaga dazmollab bering deb iltimos qilmoqchi edim, kechikdim shekilli.
- Men dazmollab beraman. Uyim yaqin, qaytishda kirib o`tsangiz ko`p vaqt olmaydi.

  Bu paytda qanday javob qilishim kerak edi? Balki "Yaxshi bo`lardi", - deyishim kerak bo`lgandir. Ehtimol "Yo`g`e, siz dazmol qilib berasizmi?!", - deb hazil aralash kulganimda to`g`ri bo`larmidi.. Buni hozirgacha bilmayman, ammo o`sha vaqt Misato opaning taklifini qabul qila olmadim.

- Yo`g`e, o`zim qilaman. Bu qiyin emas.
- Ha, qiyin emas. Men yaxshi dazmol qilaman. Ham tez.
- Yo`q, o`zim qilaman.
- Yaxshi.
Biz bir soatlar gaplashib o`tirdik. O`qituvchim oxirgi ko`rsatmalarni berdi, so`ng uy-uyimizga ketdik.

  Ko`ylakni kechasi o`zim dazmol qildim, har xolda amalladim.

  Qirg`izistonga bordik, natija yomon bo`lmadi: besh davlat (O`zbekiston, Qirg`iziston, Qozog`iston, Turkmaniston, Tojikiston) dan 22 nafar talabalar ishtirok etgan bu tanlovda men birinchi o`rinni oldim, O`zbekistonning yana bir vakili TDYU ning 3-kurs talabasi Ismailov Alisher esa 3-o`rinni egalladi. Qaytdik, hamma xursand, buni nishonladik.

  Vaqt o`tishi bilan, bir paytlar kundalik hayotimning oddiy bir qismi sifatida o`tgan bu voqealar men uchun katta tajriba bo`lganligini tushunib yetdim.

  Yuqorida aytib o`tganimdek, dastlabki paytlarda men, Maftunani sevaman, shuningdek, u ham menga befarq emas, deb hisoblardim (aslida, u meni har doim akasidek ko`rgan). Ba`zan bir xonada yolg`iz dars qilib o`tirar ekanmiz, uni quchish, undan bo`sa olish kabi yoshlikning jo`shqin xohishlari paydo bo`lardi. Lekin bu xohishlardan doim o`zimni tiyganman va hozirda bundan juda mamnunman. Agarda o`zimni tiymaganimda, uning qarshiligiga qarmasdan quchganim va o`pganimda edi, shubhasiz bu beg`ubor qizning menga bo`lgan hurmati butunlay yo`qolardi. Men ham, qachondir baribir, o`zimdagi hislar sevgi emas, balki yigitlik hirsi ekanligini fahmlab yetardim. Bu esa bizning o`rtamizdagi aka-singillik munosabatlariga butunlay barham berardi. 

  Shuningdek, hozirda Qirg`izistonga ketishdan oldin bo`lib o`tgan suhbatimizda Misato opaning: "Ko`ylagingizni men dazmollab beraman", - deganini yodga olar ekanman, faxrga o`xshash qanaqadir ijobiy tuyg`uni his etaman. Chunki o`sha paytga kelib yapon o`qituvchim Maftunaning ko`ylagimni yuvib va dazmollab berishi teng huquqlilikning buzilishi emas, qiz bolaning mehrga asoslangan samimiy harakati ekanligini anglab yetgandi.



Misato opa. Toshkent, 2014-yil, "Agat" kafesi.

 So`ngso`z.
 Men o`tkinchi hislar asosida paydo bo`lgan hirslar yigit va qizlarning aka-singillik yoki opa-ukalik munosabatlariga putur yetkazmasligini, dunyodagi hech bir inson mehrni teng huquqlilikning buzilishi deb atamasligini,  huquqlarning faqat shaxsiy va hissiy manfaatlarga bo`lgan istaknigina qondirish uchun amalga oshirlishi kishilardagi insoniylik xislatlarining yo`qolib ketishiga sabab bo`lmasligini juda va juda xohlardim.

*TDYU - Toshkent davlat yuridik universtiteti.
**Jafarova Maftuna - postda qizning ism-sharifi almashtirilgan.

Saturday, April 4, 2015

Yuborilmagan maktub

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi. 

  Men ketyapman sevgilim, sen va ular xohlagani uchun. Tushunaman - ota-onang rayiga qarshi bora olmagansan..

 Lekin yodingda tut: men doim qalban sen bilanman. Qachondir bu jirkanch odamlar sendan yuz o`girsalar, beg`ubor qalbing alam g`uborlari bilan to`lib ketsa, yuraging hamdardga muhtoj bo`lib, atrofdagilar daldaga yaramay qolsa, meni top! Va`da ber bunga!

 Sen topa olasan, izla. Bahorda mayin shabadalar esgan tarafga qarab yugur, ular seni yonimga boshlaydilar. Yozda daraxtlar boshini egib turgan tomonga yur, ularning egik boshlari senga yo`l ko`rsatadilar. Kuzda qushlarga ergash, yomg`irlardan so`ra, ular sekingina shivirlab men haqimda aytadilar. Qishda quyosh nuri ko`ringan tomonga intil, ojiz nurlar meni topib beradilar.

 Agar..agar bevafo shabadalar bahordan yuz o`girsalar, yozda daraxtlar boshlarini egmasdan mag`rur - tik turaversalar, kuzda qushlar uchmay, bag`ritosh yomg`irlar shivirlashdan o`zni tiysalar-u, qishda beshafqat bulutlar ojiz nurlarni to`sib qo`ysalar, unda yuraging talpingan tomonga yur, yuraging urgan tarafga intil, qalbing senga meni topib beradi. Menga ishon, erkam! Faqat tortinma, qaytma va qo`rqma! Bordi-yu, sening ushbu musaffo qalbing ham meni qo`msamay qo`ysa, sog`inmasa, talpinmasa va senga yo`l ko`rsatmasa, unda meni izlama! Chunki yuraging men tomonga talpinishdan to`xtagan ondan boshlab men o`lgan bo`laman..

2012