Saturday, April 4, 2015

Yuborilmagan maktub

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi. 

  Men ketyapman sevgilim, sen va ular xohlagani uchun. Tushunaman - ota-onang rayiga qarshi bora olmagansan..

 Lekin yodingda tut: men doim qalban sen bilanman. Qachondir bu jirkanch odamlar sendan yuz o`girsalar, beg`ubor qalbing alam g`uborlari bilan to`lib ketsa, yuraging hamdardga muhtoj bo`lib, atrofdagilar daldaga yaramay qolsa, meni top! Va`da ber bunga!

 Sen topa olasan, izla. Bahorda mayin shabadalar esgan tarafga qarab yugur, ular seni yonimga boshlaydilar. Yozda daraxtlar boshini egib turgan tomonga yur, ularning egik boshlari senga yo`l ko`rsatadilar. Kuzda qushlarga ergash, yomg`irlardan so`ra, ular sekingina shivirlab men haqimda aytadilar. Qishda quyosh nuri ko`ringan tomonga intil, ojiz nurlar meni topib beradilar.

 Agar..agar bevafo shabadalar bahordan yuz o`girsalar, yozda daraxtlar boshlarini egmasdan mag`rur - tik turaversalar, kuzda qushlar uchmay, bag`ritosh yomg`irlar shivirlashdan o`zni tiysalar-u, qishda beshafqat bulutlar ojiz nurlarni to`sib qo`ysalar, unda yuraging talpingan tomonga yur, yuraging urgan tarafga intil, qalbing senga meni topib beradi. Menga ishon, erkam! Faqat tortinma, qaytma va qo`rqma! Bordi-yu, sening ushbu musaffo qalbing ham meni qo`msamay qo`ysa, sog`inmasa, talpinmasa va senga yo`l ko`rsatmasa, unda meni izlama! Chunki yuraging men tomonga talpinishdan to`xtagan ondan boshlab men o`lgan bo`laman..

2012

No comments:

Post a Comment