Sunday, May 10, 2015

Munosabat

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi.   

  Bugun bir video ko`rdim: 2014-yil 22-iyul kuni Yaponiyaning Tokyo shahrida turli qurilma va texnikalar ishlab chiqaruvchi MTG kompaniyasi o`zining yangi texnikasini ommaga tanishtirish uchun tadbir o`tkazadi. Tadbirga mehmon sifatida Cristiano Ronaldo taklif etiladi hamda tadbirning ma`lum qismi muxlislar va Ronaldo o`rtasidagi savol-javobga ajratiladi. Ronaldoning muxlislaridan biri bo`lgan 11-12 yoshlardagi yapon bola unga portugal tilida savol beradi (savolini qog`ozga yozib olgan va sahnada o`sha qog`ozdan o`qib beradi). Bola portugal tilida gapirishga harakat qilar ekan, bir necha bora tutilib qola boshlaydi. Tomoshabinlar (tomoshabinlar - yaponlar) esa bolaning tutilib gapirishini ko`rib kula boshlaydi. Shunda Ronaldo: "Nega? Ular nega kulishyapti? U yaxshi gapiryapti. Ular bolani olqishlashi kerak, chunki u tirishqoqlik bilan harakat qilyapti", - deb tomoshabinlarning kulgusiga nisbatan o`z munosabatini bildiradi.

  Zarigani (ザリガ二) nomli akkaunt egasi (yapon) ushbu videoni "Postlar" (ポスト) saytiga joylashtirgan hamda qisqa qilib o`z fikrini yozib qoldirgan. Quyida u yozib qoldirgan qisqa post so`zma-so`z tarjima qilingan:

"Chin dildan harakat qilib portugal tilida gapirayotgan bolaning ustidan kulgan yapon tomoshabinlariga: "Nega 
kulasizlar?". Cristiano Ronaldoning ko`rsatgan xulqi xorijda ijobiy baholanmoqda.

2014-yil iyul oyida Tokyoda tashkil qilingan kosmetik uskunalar ishlab chiqaruvchi kompaniyaning PR tadbirida Cristiano Ronaldoga yosh bolakay savol bilan murojaat qildi. Lekin auditoriya portugal tilida savol berayotgan boladan kula boshladi. Shunda Ronaldo "Nega kulasizlar? U portugalchada yaxshi gapiryapti, men ham uni yaxshi tushunyapman", - deb chin dildan harakat qilib portugalcha gapirayotgan bolani kulgudan himoya qildi. Men, yaponlarning biri sifatida, auditoriyaning bu kulishidan juda uyaldim".


  Quyidagi link orqali aytib o`tilgan video va postni ko`rishingiz mumkin: http://9post.jp/18082


  Biz o`zbeklarda ham (hammada emas, albatta) shunga o`xshash odat bor: kimdir nimagadir chin dildan harakat qilsa va bu harakati davomida ba`zi kamchiliklarga yo`l qo`ysa, uning ustidan kulamiz (ba`zan bu inson yosh bola, ba`zan tengdoshimiz, gohida esa bizdan katta yoshli bo`lishi mumkin). Bu juda xunuk va salbiy odat. Insonning chin dildan qilgan har qanday ijobiy harakati hurmatga sazovor. Harakat va intilishda bo`lgan inson esa kamchiliklarga yo`l qo`yishi tabiiy hol. Biz bunday holda uning yo`l qo`yayotgan kamchiliklari ustidan kulishimiz emas, ularni tuzatishga yordam qilishimiz, yordam qilishni eplamasak, hech bo`lmaganda, "Harakatdan to`xtama!", "Harakating yaxshi, davom et!", kabi so`zlar bilan quvvatlashimiz kerak. Kishilarning, ayniqsa yoshlarning 
harakati va intilishlari ustidan kulish, ularning shijoatini yo`qotib qo`yishiga, ba`zida esa maqsadidan voz kechishiga sabab bo`lishi mumkin. Har bir inson kelajakda jamiyatning manfaatiga xizmat qilishi mumkin bo`lgan harakat va intilishlar ustidan kulish orqali ularni yo`qqa chiqishiga sababchi bo`lib qolishdan tiyilishi lozim.


No comments:

Post a Comment