Tuesday, June 30, 2015

Yangi sahifa

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi.   

Bugun shaxsiy blogimda yangi sahifa ochdim. Ushbu sahifada nimalarni yozib borishimni ayon qilishdan oldin, ba`zi narsalar haqida aytib o'tmoqchiman.

Bir vaqtlar, maftunkor va yoqimtoy bo'lgan qizni ko'rsam, darhol "sevib" qolaverardim. Men tomonimdan bu tarzda "sevib" qolingan qizlar 50 dan ortiqroq, balki 100 dan ortiqroqdir. Aniq bilmayman. Ularning ko'pchiligi bilan hatto gaplashmaganman ham, bunga o'ta odamoviligim sabab bo'lgan. Ularni shunchaki, "sevganman", xolos. Shu bilan birga, mening bu tarzdagi "sevgim" bir necha oyga, ya'ni boshqa bir yoqimtoy qizni ko'rib qolgunimcha davom etardi. 

Keyinchalik tushundimki, aslida, u qizlarni sevib qolmaganman ekanman. Hissiyotga beriluvchan va ta`sirchan bo'lganligim tufayli, qizlarning go'zalligi meni o'ziga tez jalb qilar va men buni sevgi, deb o'ylab yurar ekanman.  

Bu - qizni emas, go'zallikni sevish edi. Go'zallikni sevish shunday bo'ladi: siz avval go'zallikni ko'rasiz, unga mahliyo bo'lasiz; so'ng undanda maftunkorroq yoki o'zgacharoq go'zallikni uchratasiz va bunisi avvalgisidan ko'ra jozibali tuyuladi; yoqtirib qolasiz, keyin avvalgisining ahamiyati kamayadi. Bu holat tinimsiz davom etaveradi. Bora-bora oldingi go'zalliklarning ko'pchiligi yodingizdan chiqa boshlaydi. 

Qizni sevish esa butunlay boshqa: qiz faqat uning maftunkorligi, go'zalligi uchun sevilmaydi. Bunda uning xarakteri, odob va axloqi, dunyoqarashi, mehri va hissiyotlari, ba`zi beozor ahmoqliklari, noz va injiqliklari hamda boshqa xislatlari ham seviladi. Va to'la ishonch bilan aytamanki, haqiqiy sevgida bu xislatlar tashqi go'zalllikdan anchagina ustun. Har xolda, men uchun shunday.

U paytlarda men shunchalik sodda, qo'polroq qilib aytadigan bo'lsam, shu qadar anqov bo'lgan ekanmanki, har safar boshqasini yoqtirib qolganimda, "Bundan oldin nechtasini yoqtirib qolganman va unutganman. Bunisi ham shundaylardan biri", deb o'ylamas, uni chindan sevib qoldim, deb xayol qilardim. Va navbatdagi "sevgim" haqida doim
o'ylab yurar, unga atab she`rlar yozar hamda ba'zida ruhiy jihatdan qattiq qiynalar edim. Bu mening  tabiatim edi. Tan olaman, hozir ham bu tabiat meni tark etgani yo'q. Lekin avvalgi holatimdan farqli ravishda, hozirda tabiatimni anchagina boshqara bilaman. Bu esa meni har qanday go'zal va maftunkor qizni ko'rganimda, uning ham meni sevib qolishini xohlashdan, bu uchun harakat qilishdan va ruhiy
qiynalishdan xalos qilgan. 

Sizdan  shuni so'raymanki, mening bu tabiatim uchun ayblamang, yomon ko'rmang. Inson qandaydir xususiyatga ega tabiat bilan tug'ilganligi uchun aybdor bo'lmaydi, bu insonning o'ziga bog'liq bo'lgan holat emas. Lekin inson salbiy yoki yoqimsiz natijalar keltiradigan tabiatga ega bo'lib, ushbu tabiatini  boshqara olmasa, uni ayblash va zarur bo'lsa, jazolash ham mumkin. Zero, inson ongli mavjudod va o'z hatti-harakatlarini boshqara olish imkoniyatiga ega. 

Men hissiyotlarga boy bo'lgan bu davrimda, ko`pgina qizlarga atab she`rlar yozganman. She`r qaysi qizga atalgan bo'lsa, she`rda uning ismi yashirilgan bo'lardi. Bundan tashqari, she`rda, iloji boricha, qizning xarakterini ham yoritib o'tishga harakat qilardim. Shu bilan birgalikda, asosiy maqsad qiz ismini she`rda aks ettirish bo'lganligi sababli, she`rlarning ba'zilari mantiqiy izchillikka asoslanmagan holda yozilardi. 

Bunday she`rlar anchagina - 100 dan ortiq. Balki ko'proq hamdir. Bugun blogimda ochgan yangi sahifamda, o'sha she`rlarni birma-bir topib, yozib boraman. Istardimki, she`rlarni o'qiyotganda, ularni haqiqiy muhabbat natijasi emas, yoshlikning o'tkinchi hissiyotlari natijasi, deb tushuning.

Mana bu yerdan she`rlar yozilgan sahifaga o'tishingiz mumkin: http://maqsudxon3.blogspot.jp/

Saturday, June 6, 2015

Yaponiyada velosipeddan foydalanish uchun yaratilgan muhit

(Ma'lumot uchun)

Yaponiya - velosiped eng ko`p foydalaniladigan davlatlardan biri. Xususan, Kyoto shahri ko`chalarida deyarli har qadamda velosiped haydab ketayotganlarni uchratishingiz mumkin.


Kyoto ko`chalaridan biri.
"Kyoto banki"ning old qismidagi ko`cha.


Yaponlar o`qishga borishda, do`kon yoki supermarketga borishda, shuningdek, ishga qatnashda (ishning turiga qarab), shahar aylanishda va boshqa maqsadlarda velosipeddan foydalanishadi. O'z navbatida, korxona, tashkilot, bank, do`kon, universtitet va boshqa yerlar velosiped qo`yish joylari (bundan keyin postda "VQJ" deb keltiriladi) bilan ta`minlangan. 


Kyotodagi Izumiya supermarketining velosiped qo`yish joylaridan biri.

Shuningdek, shaharda ko`pgina velosiped do`konlari va velosiped tuzatuvchi ustaxonalarni ko`rishingiz mumkin.


"Orange bike" velosiped do`koni, Kyoto.


To`laroq tasavvur hosil qilinishi uchun Kyotodagi Ritsumeikan universtitetining "Kinugasa Campus"ida velosipeddan foydalanish uchun yaratilgan muhitni yoritib o`taman.

Universtitetning "Kinugasa Campus"ida o`quvchi xorijlik talabalar uchun 2 ta yotoqxona mavjud bo'lib, yotoqxonalardan universtitetga velosipedda borish uchun sarflanadigan vaqt 10-13 minutni tashkil etadi. Yotoqxonalar talabalarga ijaraga berish uchun mo`ljallangan o'z velosipedlariga, shuningdek, VQJ lariga ega. Talaba yotoqxonaga joylashgan kuniyoq, undan "Velosiped ijaraga olishni xohlaysizmi?" deb so'rashadi. Agar talaba ijaraga olishni xohlasa, yotoqxona velosipedlari orasidan o`ziga yoqqanini tanlab, tekshirib olishi mumkin. 




"Kinugasa Campus International House 2" yotoqxonasidagi VQJ. Yotoqxona ma'muriyati tomonidan talabalarga ijaraga beriligan velosipedlar.


Talabalarga iqtisodiy qulaylik yaratish maqsadida, velosipedning ijara narxi bir yil uchun 5000 yen (taxminan 40 dollar) qilib belgilangan. Avtobusga bir marta chiqish 230 yen (2 dollar 10 sent atrofida) ekanligi hisobga olinsa, velosipedning ijara narxi qay darajada qulay ekanligini tasavvur qilish mumkin.

"Kinugasa Campus"ida 11 mingdan ortiq talaba tahsil oladi va ularning taxminan 7 mingga yaqini universtitetga velosipedda qatnaydi. Shunisi e'tiborliki, o`qituvchilarning ham yarmiga yaqini "Campus"ga velosipedda keladi.




"Kinugasa Campus"iga kelayotgan talabalar. "Campus"ning Sharqiy darvozasiga olib boruvchi ko`cha.

"Campus"da 7 ta asosiy VQJ bo`lib, ulardan 3 tasi - ikki qavatli va 1 tasi yer ostida joylashgan. Shuningdek, bir nechta qo`shimcha VQJ lar ham mavjud. Har bir VQJ da velosipedlar qo`yilish tartibini nazorat qilib turadigan xodimlar xizmat ko`rsatishadi. 

Quyidagi "Campus" xaritasida asosiy VQJ lar raqam bilan belgilab ko`rsatilgan (yer osti va sportzal uchun mo`ljallangan binoning 2-qavatidagi VQJ xaritada keltirilmagan):


Ritsumeikan universtiteti "Kinugasa Campus"i xaritasi.


Endi esa "Campus"dagi 7 ta asosiy VQJ larning barchasini birma-bir keltirib o`taman:


Yer osti velosiped qo`yish joyi.



Seishinkan o`quv binosi orqa tarafidagi 2 qavatli velosiped qo`yish joyi.



Shugakukan o`quv binosi orqasidagi velosiped qo`yish joyi, uzunligi - 250 metr.



"Kinugasa Campus"ining Asosiy darvozasi yonida jolashgan 2 qavatli velosiped qo`yish joyi, 2-qavat.




Sportzal uchun mo`ljallangan binoning 2-qavatidagi VQJ (Surat dam olish kuni olingani uchun velosipedlar yo`q). 




Sharqiy darvoza yonidagi 2 qavatli velosiped qo`yish joyi.



Igagukan o`quv binosi yon tarafidagi velosiped qo`yish joyi.

Bundan tashqari, "Campus" tarkibida kiruvchi do`konlarning birida velosipedlar ham sotiladi. Velosipedlar narxi qimmat emas - 110-150 dollarga barcha talablarga javob beradigan va ishlatilmagan velosiped xarid qilish mumkin. Shuningdek, sotuvda ishlatilgan velosipedlar ham bo`lib, ularning narxlari yanada arzonroq.

Ko`pgina velosiped sotuvchi do`konlar pullik ta'mirlash xizmatini ham ko`rsatadi, shuningdek, ushbu do`konlarda istalgan vaqtingiz velosiped balloniga dam soldirib olishingiz mumkin (bu xizmat tekin).



"Campus" Sharqiy darvozasi yonidagi velosiped sotish va ta'mirlash do`koni.

Velosipeddan foydalanish uchun bunga o`xshash qulayliklar faqat universtitetlarda emas, ko`pgina korxona, tashkilot, bank, poschta offislari, maktab va boshqa muassasalarda ham yaratilgan.

Yaponiyadagi velosipeddan keng foydalanish holati va bu uchun yaratilgan muhit menga manzur bo`ldi. O'zbekistonda ham velosipeddan foydalanishni osonlashtiradigan muhit yaratilsa va aholining velosipeddan ko`proq foydalanishi quvvatlansa yaxshi bo`ladi, degan fikrdaman. Keyingi postda O`zbekiston sharoitida bunday muhitni yaratish imkoniyatlari qay darajada ekanligi, muhitning yaratilishida duch kelinadigan qiyinchilik va to`siqlar hamda ularni hal qilish usullari haqidagi fikrlarni keltirib o`tishga harakat qilaman. 

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi.