(Ma'lumot uchun)
Kyoto ko`chalaridan biri. |
"Kyoto banki"ning old qismidagi ko`cha. |
Yaponlar o`qishga borishda, do`kon yoki supermarketga borishda, shuningdek, ishga qatnashda (ishning turiga qarab), shahar aylanishda va boshqa maqsadlarda velosipeddan foydalanishadi. O'z navbatida, korxona, tashkilot, bank, do`kon, universtitet va boshqa yerlar velosiped qo`yish joylari (bundan keyin postda "VQJ" deb keltiriladi) bilan ta`minlangan.
Kyotodagi Izumiya supermarketining velosiped qo`yish joylaridan biri. |
Shuningdek, shaharda ko`pgina velosiped do`konlari va velosiped tuzatuvchi ustaxonalarni ko`rishingiz mumkin.
"Orange bike" velosiped do`koni, Kyoto. |
To`laroq tasavvur hosil qilinishi uchun Kyotodagi Ritsumeikan universtitetining "Kinugasa Campus"ida velosipeddan foydalanish uchun yaratilgan muhitni yoritib o`taman.
Universtitetning "Kinugasa Campus"ida o`quvchi xorijlik talabalar uchun 2 ta yotoqxona mavjud bo'lib, yotoqxonalardan universtitetga velosipedda borish uchun sarflanadigan vaqt 10-13 minutni tashkil etadi. Yotoqxonalar talabalarga ijaraga berish uchun mo`ljallangan o'z velosipedlariga, shuningdek, VQJ lariga ega. Talaba yotoqxonaga joylashgan kuniyoq, undan "Velosiped ijaraga olishni xohlaysizmi?" deb so'rashadi. Agar talaba ijaraga olishni xohlasa, yotoqxona velosipedlari orasidan o`ziga yoqqanini tanlab, tekshirib olishi mumkin.
"Kinugasa Campus International House 2" yotoqxonasidagi VQJ. Yotoqxona ma'muriyati tomonidan talabalarga ijaraga beriligan velosipedlar. |
Talabalarga iqtisodiy qulaylik yaratish maqsadida, velosipedning ijara narxi bir yil uchun 5000 yen (taxminan 40 dollar) qilib belgilangan. Avtobusga bir marta chiqish 230 yen (2 dollar 10 sent atrofida) ekanligi hisobga olinsa, velosipedning ijara narxi qay darajada qulay ekanligini tasavvur qilish mumkin.
"Kinugasa Campus"ida 11 mingdan ortiq talaba tahsil oladi va ularning taxminan 7 mingga yaqini universtitetga velosipedda qatnaydi. Shunisi e'tiborliki, o`qituvchilarning ham yarmiga yaqini "Campus"ga velosipedda keladi.
"Kinugasa Campus"iga kelayotgan talabalar. "Campus"ning Sharqiy darvozasiga olib boruvchi ko`cha. |
"Campus"da 7 ta asosiy VQJ bo`lib, ulardan 3 tasi - ikki qavatli va 1 tasi yer ostida joylashgan. Shuningdek, bir nechta qo`shimcha VQJ lar ham mavjud. Har bir VQJ da velosipedlar qo`yilish tartibini nazorat qilib turadigan xodimlar xizmat ko`rsatishadi.
Quyidagi "Campus" xaritasida asosiy VQJ lar raqam bilan belgilab ko`rsatilgan (yer osti va sportzal uchun mo`ljallangan binoning 2-qavatidagi VQJ xaritada keltirilmagan):
Ritsumeikan universtiteti "Kinugasa Campus"i xaritasi. |
Yer osti velosiped qo`yish joyi. |
Seishinkan o`quv binosi orqa tarafidagi 2 qavatli velosiped qo`yish joyi. |
Shugakukan o`quv binosi orqasidagi velosiped qo`yish joyi, uzunligi - 250 metr. |
"Kinugasa Campus"ining Asosiy darvozasi yonida jolashgan 2 qavatli velosiped qo`yish joyi, 2-qavat. |
Sportzal uchun mo`ljallangan binoning 2-qavatidagi VQJ (Surat dam olish kuni olingani uchun velosipedlar yo`q). |
Sharqiy darvoza yonidagi 2 qavatli velosiped qo`yish joyi. |
Igagukan o`quv binosi yon tarafidagi velosiped qo`yish joyi. |
Bundan tashqari, "Campus" tarkibida kiruvchi do`konlarning birida velosipedlar ham sotiladi. Velosipedlar narxi qimmat emas - 110-150 dollarga barcha talablarga javob beradigan va ishlatilmagan velosiped xarid qilish mumkin. Shuningdek, sotuvda ishlatilgan velosipedlar ham bo`lib, ularning narxlari yanada arzonroq.
Ko`pgina velosiped sotuvchi do`konlar pullik ta'mirlash xizmatini ham ko`rsatadi, shuningdek, ushbu do`konlarda istalgan vaqtingiz velosiped balloniga dam soldirib olishingiz mumkin (bu xizmat tekin).
"Campus" Sharqiy darvozasi yonidagi velosiped sotish va ta'mirlash do`koni. |
Velosipeddan foydalanish uchun bunga o`xshash qulayliklar faqat universtitetlarda emas, ko`pgina korxona, tashkilot, bank, poschta offislari, maktab va boshqa muassasalarda ham yaratilgan.
Yaponiyadagi velosipeddan keng foydalanish holati va bu uchun yaratilgan muhit menga manzur bo`ldi. O'zbekistonda ham velosipeddan foydalanishni osonlashtiradigan muhit yaratilsa va aholining velosipeddan ko`proq foydalanishi quvvatlansa yaxshi bo`ladi, degan fikrdaman. Keyingi postda O`zbekiston sharoitida bunday muhitni yaratish imkoniyatlari qay darajada ekanligi, muhitning yaratilishida duch kelinadigan qiyinchilik va to`siqlar hamda ularni hal qilish usullari haqidagi fikrlarni keltirib o`tishga harakat qilaman.
Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi.
No comments:
Post a Comment