Tuesday, March 17, 2015

Otagaisama.

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi. 
   Hozirda Yaponiyada muomalada bo’lgan tangalardan eng kichik qiymatlisi 1 ¥(yen) lik (taxminan 23 so’m), eng katta qiymatlisi esa 500 ¥ (taxminan 11500 so’m) lik tanga hisoblanadi. 
Debocha.
   Pul bilan bog’liq munosabatlarda tangadan qanchalik foydalanasiz? Boshqalarni bilmadim-ku, lekin men uchun tangalardan foydalanish (ko’tarib yurish, ularda to’lovni amalga oshirish va hk) ancha noqulay.
  Kunchiqar mamalakat deya ta’riflanadigan Yaponiyada tangalardan juda keng foydalaniladi: transport to’lovlari, kafelardagi, supermarketlardagi to’lovlar, xullas istalgan yerda tangada to’lovni amalga oshirishayotganini ko’rishga va ba’zida o’zingiz ham tangada to’lashga majbur bo’lasiz (ha, ha, majbur bo’lasiz!).

Vaziyat.

  Yaponiyadagi ushbu «tangalar munosabati» menga anchagina noqulaylik tug’dirdi. Qayerda va kimga qog’oz pul bersam, qaytimiga doim tanga qaytarishardi. Men esa to’lovni doim qog’oz pulda amalga oshirar, tangada to’lashga noqulay bo’lardim. «Nega endi noqulay bo’lasiz?», — deysizmi? Orqangizda 10 dan ortiq odam xaridiga pul to’lash uchun navbat kutib turganda umringizda birinchi marta ko’rib turgan tanlagalar orasidan 567 yen ajratib olib ko’ring-chi, shunda «Nega?» degan savolga hojat qolmaydi. (Aholi ko’pligidan bo’lsa kerak- Yaponiyada deyarli har bir narsa uchun navbatda turishga to’g’ri keladi). Shuncha odam sizga ko’zini lo’q qilib qarab turgandan tangalar orasidan 1 yenlik, 5 yenlik tangalarni izlash juda-juda o’ng’aysiz.
   Men shu o’ng’aysizlik tufayli hamma yerda qog’oz pulda to’lodim va doim qaytimiga tanga olaverdim. Natijada, 7 kun ichida Yaponiya bo’yicha «tangasi eng ko’p shaxs»ga aylandim. O’girligi taxminan 1.5 kg keladigan 5769 yen tangam bor edi (shulardan 74 yeni 1 yenlik tangalar edi!)!

Tushunish.

  Vaziyat shu holda kelgach, «tangalar muammosi» haqida Yu ismli yapon do’stimga aytdim.
— Sen tangada to’lamaysanmi?- dedi u.
— Yo’q.
— Nega?
— Tangalar orasidan keraklisini izlab topish vaqtni oladi, men bundan o’zimni noqulay sezaman. Mendan oldindagilar tanga izlab o’tiraversa, asabiylashaman. Kutishni yoqtirmayman. Orqada navbatda turganlarni asabiylashtirmaslik uchun tanga izlab o’tirmay qog’oz pulda to’lab qo’ya qolaman.
— Bu ketishda bir yilda Yaponiyadagi barcha tangalarni yig’ib  olasan-ku!- dedi u kulib. Orqangda navbatda turganlar hecham asabiylashmaydi. «Otagaisama» degan yaponcha iborani eshitganmisan? Uning tarjimasi taxminan «Bu vaziyatda hammamiz tengmiz, bir xilmiz yoki bu holatda bizning mavqeyimiz bir», — degani bo’lib, u insonlarning bir-birini tushunishiga asoslanadi. «Otagaisama» — o’zi boshqalarga tashvish va o’ng’aysizliklar tug’dirishini anglagan holda boshqalarning o’ziga xuddi shunday tashvish va o’ng’aysizliklar tug’dirishini to’g’ri tushunib, bundan asabiylashmaslik, xafa bo’lmaslik yoki jahl qilmaslikni anglatadi. Shuningdek, vaziyat taqozosi bilan, biroz xijolatli bo’lsa ham, to’g’ri tushunishlarini hisobga olib boshqalarga o’ng’aysizlik keltirishi mumkin bo’lgan harakatlarni qilishni ham anglatadi. Odamlar bir-biriga o’ng’aysizliklar tug’dirishganda, «Otagaisasma» iborasini aytib bir-birlarini kechirishadi. Men buni shunday maydalab, oddiy va oson qilib tushuntiryapman, boshqacha tushuntirish ham mumkin…. Navbatda turganda o’zi boshqalarni kuttirishi mumkinligini bila turib, boshqalarni kutishdan asabiylashish g’alati-ku, shunday emasmi? Boshqalarni rosa kutib, ularni kuttirib qo’yishim mumkin degan o’y bilan o’zi uchun noqulaylik keltiradigan ishni qilish — tangalarni yig’ib olish ham g’alati. Yaponiyada odamlar buni juda yaxshi tushunadi va sen hech xijolat bo’lmay tanga sanayver..

Qutilish.

Shundan so’ng men navbatda turib boshqalarni kutishdan asabiylashmaydigan, o’zim ham xijolat bo’lmasdan tangalarni bemalol topib to’laydigan bo’ldim. «Otagaisama munosabati»ga moslashish orqali ham asabiylashishdan, ham 1.5 kg tangani ko’tarib yurishdan qutildim.
  Umuman olganda, «Otagaisama munosabati» menga yoqdi. Bu munosabat insonlarning bir-briga bo’lgan salbiy qarashlarini oldini olish hamda jamiyatda tartibni mustahkamlash uchun ma’lum darajada yordam bera oladi.
   Ba’zida yaqin do’stimiz yoki tanishimiz yoxud qarindoshimiz bizdan ancha vaqt xabar olmasa, xafa bo’lamiz, jahlimiz chiqadi, «Shuncha paytdan beri bir marta telefon qilib ham qo’ymadi», — deb o’pkalaymiz. Vaholanki, xuddi shu vaqt ichida o’zimiz ham ulardan xabar olmagan bo’lamiz. Shunday ekan, xafa bo’lishga ne hojat? Bu vaziyatda ular bilan bir xil emasmizmi?
   Ba’zida biz talabalar tushunmagan narsamizni o’qituvchidan qayta va qayta so’rayverishga, darsdan so’ng qolib o’qituvchining «qimmatli vaqtini» olishga andisha qilamiz. Lekin bu kimning foydasiga — o’zimizingmi, o’qituvchiningmi yoki jamiyatningmi?
  Shunday ekan, biz o’zimiz uchun foydali va manfaatli bo’lgan harakatlarni tortinchoqlik, andishalilik qilmasdan amalga oshirishimiz (chegaradan chiqmagan va boshqalar manfaatini ham hisobga olgan holda albatta) hamda boshqalarning bizga bir oz o’ng’aysizlik tug’dirib qo’yishi mumkin bo’lgan, lekin o’zlari yoki jamiyat uchun qulay va foydali bo’lgan harakatlariga jahl qilmasligimiz, to’g’ri tushunishimiz zarur. Odamlarning bir-birlarini to’g’ri tushunishlari esa jamiyat hamjihatligining asoslaridan biridir.

No comments:

Post a Comment